Skip to main content

Hissiyot bilan tilni sevish mumkin, ammo rivojlantirib boʻlmaydi

 Muallif: Shokir Yoʻldosh (Shokir Tursunov)


Tan olib aytishimiz kerak, 2019-yilgacha til haqidagi gaplar oktabr oyida jonlanib qolar, hamma qarsak chalar, she’rlar yozar va noyabr oyidan yana hammasi jim boʻlib ketar edi. Lekin mana 2019-yil oktabr oyida koʻtarilgan tilga e’tibor masalasi hali ham muhokamalar markazida turgan mavzulardan biri ekani odamni xursand qiladi. Ijtimoiy tarmoqqa kirsangiz, til, unga e’tibor, yangi qarorlarning muhokamasi haqidagi bahslarga har daqiqa guvoh boʻlasiz. Lekin...
Shu muhokama va bahslardan tilga qanday foyda kelyapti? Hissiyotlarimizni izhor qilyapmiz, xolos. Lekin uni rivojlantirish uchun kim nima qilyapti? Toʻgʻri, butun boshli universitet tashkil etilgan, Oʻzbek tilini rivojlantirish departamenti, uning qoshida Atamalar komissiyasi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi, Adliya vazirligi tomonidan taklif etilayotgan qonun loyihasi – bularni hammasini tan olishimiz kerak. Aslida esa, qilishimiz kerak boʻlgan ishlarimiz talaygina. Bularni ikki tomonga ajratib koʻrib chiqamiz:
1.     Ilmiy tomon
2.     Siyosiy tomon

Ilmiy tomon
Tan olishimiz shartki bu tomondan muammolarimiz ancha koʻp.
1. Imlo qoidalarini mukammal va texnik jihatlarni hisobga olgan holda oson qilib ishlab chiqish. Oddiy misol qoʻshtirnoq masalasi, qoʻshtirnoqni qanday qoʻyamiz, ikkala tomondagini ham tepagami, yoki birinchisini pastga ikkinchisini tepagami? Ingliz tilidagi atoqli otlar qanday yoziladi. Qisqartmalar borasidagi muammolarni-ku aytmasa ham boʻladi.
2. Ona tilisi boshqa boʻlgan insonlar uchun oʻzbek tilini oʻrgatish darsliklari masalasi hal etilib oxirgi ilmiy xulosalar berilishi kerak. Bu jarayon toʻliq ilmiy jarayon boʻlib, hozirda mavjud kam sonli til kurslaridagi kabi intuitsiyaga tayanish yaramaydi. Ilmiy asoslar kerak. Buning uchun PhD ishlariga shunday mavzularni buyurtma asosida berish kerak. Oʻzbek tilini oʻrgatuvchi markazlarning kamligi(deyarli yoʻqligi)ga sabab ham ayni shu. Aniq ketma-ketlikning, ilmiy asosning yoʻqligidir.
3. Anchayin konservativ boʻlgan adabiy tilimiz va talaffuzimizni biroz boʻlsa ham xalqona shevaga yaqinlashtirish zarur. Yozish qoidalarimiz ham biroz modernizatsiya qilishga muhtoj. Fonetik yozuv qoidasini qoʻllashni tezroq boshlasak, savodxonlik darajasi ham oʻsishi mumkin. Masalan, oddiy misol, aeroport degan soʻz bor, biz uni “aeroport” ekanini yodlab olishimiz zarur, kimdur bunga qodir kimlardir yoʻq. Lekin “ayraport” deb yozishga hamma qodir. Shu variantni tanlash kerak, tamom.
4. Lugʻatchilik sohamiz ham e’tiborga muhtoj, hozir ishlatilayotgan lugʻatlarimiz shunchalik eskiki, ba’zilarining yoshi mendan ham katta. Lugʻat degani har yili toʻldirilib, yangilanib borilishi kerak boʻlgan boylik. Lekin biz unday qilmayapmiz. Qogʻozli lugʻatlar bilan uzoqqa borib boʻlmasligi kundek ayon, shuning uchun lugʻat saytlarini, dasturlarini yaratish kerak, ularni istalgan payt yangilab, tahrirlab turish mumkin.
5. Folklor va dialektologiya sohasi ham juda oqsagan, aslida, tilning hamma boyligi shu ikki soha orqali yuzaga chiqishi kerak. Biz bu sohalarni orqaga tashlayveramiz.
6. Eng muhimi maktablardagi til oʻqitish masalasini butkul oʻzgartirish zarur. Bu ham toʻlaqonli ilmiy ishlar orqali hal etiladigan masala. Magistrlik va doktorantlik ishlariga ona tilini oʻqitish sohasiga oid mavzularni koʻproq berish kerak. Zarur boʻlsa bu sohadagi izlanuvchilarni chet elga yuborib, tajribalarini oshirishga koʻmaklashish zarur.
7. Oʻzbek tilidagi ilmiy kontentni koʻpaytirish kerak. Buning oddiy usullaridan biri, Vikipediyadagi ma’lumotlarni tarjima qilish. Bu eng kichik usuli. Ilmiy kitoblarni mualliflik huquqini saqlagan holda tarjima qilish, ularni oliy hamda oʻrta ta’limda joriy qilib borish zarur. Internetda oʻzbek tilida manba qanchalik koʻp boʻlsa, til ham shunchalik mustahkamlanib, rivojlanib boraveradi. Hozir unday emas, ilmiy maqolalar, ilmiy yangiliklar shunchalik kamki, istaysizmi yoʻqmi, ingliz yoki rus tilida oʻqishga majbur boʻlasiz.

Siyosiy tomon
Bu tomondan bugun anchayin mustahkamlanib oldik. Faqat yanada qattiqroq choralarni koʻrish zarur. Til toʻgʻrisidagi qonun yanada qattiqlashishi, davlat tilida ish yuritmagan, kerak boʻlsa uni bilmagan odam Oʻzbekistonda qiyinchiliklarga duch kelishini ta’minlash zarur. Lekin bu ishni amalga oshirishdan oldin ilmiy tomondagi muammolarni hal etib olishimiz kerak.
Lugʻatchilik, kompyuter lingvistikasi, folklor, til oʻqitish kabi sohalarni davlat himoyasiga olishi va tegishli grantlarni ajratib turishi kerak. Toʻgʻri, olimlarimiz orasida fidoiylari ham bor, lekin boʻsh qop har doim ham tik tura olmaydi.

Hozircha shular. Yana qaytaraman, hissiyot bilan tilni sevish mumkin, xolos. Uni rivojlantirish uchun kamchiliklarni tan olish va ularni bartaraf etish yoʻllarini koʻrish kerak. Bunda hamma ishtirok etishi zarur. Hamma!



Comments

Popular posts from this blog

Ona tilida oʻqib tushunish malakasini rivojlantirish yuzasidan tajribaviy tadqiq

Maqola Global ta’lim va milliy metodika. Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari dan olindi. Muallif: Feruza Sharopova Bugungi kunda bilim berish va uni sinovdan oʻtkazishning xalqaro me’yorlari oʻrganilib, ularni Respublikamizdagi ta’lim jarayoniga joriy etish rejalashtirilmoqda. Dunyoda ta’lim sifati, saviyasi va darajasini aniqlab beruvchi PISA (Oʻquvchilarni ta’limdagi yutuqlarini baholash xalqaro dasturi), PIRLS (Matnni oʻqish va tushunish darajasini aniqlovchi xalqaro tadqiqot), TIMSS (Maktabda matematika va aniq fanlar sifatini tadqiq qiluvchi xalqaro monitoring) kabi bir qator xalqaro dasturlar mavjud boʻlib, ular rivojlangan davlatlardagi ta’lim sifatini yanada oshirishdagi mezon sifatida keng qoʻllanilib kelinmoqda. [1] PISA   -   oʻquvchilarni ta’lim sohasidagi yutuqlarini baholash boʻyicha xalqaro dastur boʻlib, undagi test jahon davlatlaridagi maktab oʻquvchilarining bilimi va ularni amaliyotda qoʻllay olish mahoratini baholaydi. [2] Dasturnin...

Eshitib tushunishda “pastdan yuqoriga” va “yuqoridan pastga” yondashuvlari

Ushbu maqola David Nunanning “Til oʻqitish metodologiyasi” (Languagae teaching methodology) kitobidan erkin tarjima qilingan. Tarjimon: Shokir Tursunov Ogʻzaki nutqni eshitib tushunish jarayoni qanday kechadi? Eshitilgan nutqdan mazmunni samarali chiqarib oladigan odamlar bunga qanday erishadilar? Oddiy qaralsa, ogʻzaki nutqni tushunish jarayoni nutq oqimini tarkibiy qismlarga – tovushlarga, fonemalarga ajratib olishdan boshlanadi, keyingi bosqich esa boʻgʻin, soʻz, soʻz birikmasi, sintagma, gap, matn ketma-ketligida davom etadi. Bu qarash nutqni eshitib tushunishga “pastdan yuqoriga” (bottom-up) yondashuvi hisoblanadi, koʻrinib turibdiki ushbu yondashuv yetarli darajada mukammal emas, uni osongina rad etish mumkin. Matn Ular shunday betartib joylanganki, hammasini tartibga keltirish uchun ancha vaqt kerak. Keyin ularni saralash kerak boʻladi. Menimcha, rangiga qarab saralagan ma’qul. Rangiga qarab saralab olgach yana bir ichki saralash oʻtkazish va mavsumiy koʻrs...

MOBIL ILOVALAR ORQALI TIL O‘RGANISH VA O‘RGATISH: ILOVALAR TASNIFI

KIRISH Jozibali texnologiyalar sirasiga kiruvchi mobil ilovalar bugungi kunga kelib ta’limda o‘ziga xos inqilob yasagani hech kimga sir emas. So‘nggi yillarda bunday ilovalar ta’lim jarayoniga chuqur kirib bordi. Smartfon va turli mobil gadjetlar taraqqiyoti an’anaviy ta’lim jarayonini o‘zgartirib yubordi. Bu o‘zgarishlar til ta’limida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Mobil qurilmalardan foydalanish til ta’limi sohasiga oid ko‘plab ilovalarning yaratilishiga olib keldi. Hozirgi kunda foydalanuvchilar internet orqali ana shunday ilovalarni bemalol yuklab olishlari va mustaqil ravishda tillarni o‘rganishlari mumkin. Ushbu maqola til o‘rgatuvchi mobil ilovalar tasnifiga bag‘ishlangan bo‘lib, o‘rganuvchi va o‘rgatuvchilar o‘zlari uchun qaysi ilova qulay va foydali ekanligini aniqlab olishlariga yordam beradi. Til o‘rganuvchilar uchun qaysi ilovaning qulayligi va ko‘proq foydali ekanligini aniqlashga qaratilgan izlanishlar deyarli amalga oshirilmagan. Bu esa ko‘plab ilovalardan qay bir...