Ushbu maqola “Восприятие художественного текста на уроках родного языка” sarlavhasi bilan xalqaro
jurnalda chop etilgan (The
Way of Science – International scientific journal – Volgograd, 2016. № 6.
–Б.52-54.)
Muallif: Klaraxon Mavlonova
Alisher
Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili
va adabiyoti universitetikatta o‘qituvchisi, p.f.d. (PhD)
Annotatsiya. Ushbu
maqolada ona tili darslarida badiiy matnning til xususiyatlarini o‘rganishga
kirishish avvalida uni til jihatdan estetik idrok qilishning psixologik
asoslarini aniqlash, ona tili darslarida
badiiy idrok maxsus topshiriq asosida badiiy matnni til xususiyatlarini o‘rganish sari
yo‘naltirilishi lozimligi va bu borada
badiiy idrok etish ustidagi ishlarni o‘ziga xos tarzda uyushtirish masalalari
yoritilgan.
Kalit so‘zlar: badiiy matn, badiiy
idrok, idrok maydoni, badiiy matnning til xususiyatlari, til hodisalari, estetik
zavq, nutq madaniyati.
O‘quvchilarning nutq madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish
umumtalim maktablari ona tili darslarining asosiy maqsadlaridan biri
hisoblanadi. Ushbu maqsad sari eltadigan usullar sirasiga badiiy asarlardan
olingan ayrim gaplar, kichik parchalar ustida olib boriladigan ishlar kiradi.
Bunday misollar bilan ishlash metodikasi esa qator o‘ziga xosliklarga ega. Bu
o‘ziga xoslik bir jihatdan ularni idrok etish bilan bog‘liq. Ona tili darslarida
o‘quvchilarning badiiy asarni badiiy idrok etish, shu orqali olam haqida, voqea-hodisalar
to‘g‘risida obrazli fikr yuritish ko‘nikmalari badiiy asarlardan keltirilgan
illustrativ materiallar asosida muvaffaqiyatliroq shakllantirilishi mumkin.
Avvalo, badiiy matnning til xususiyatlarini
o‘rganishga kirishish avvalida uni til jihatdan estetik idrok qilishning
psixologik asoslarini belgilab olishga zarurat sezildi. Zero, ona tili
darslarida badiiy matnni badiiy idrok etish xususiyatlari bilan bog‘liq
ishlarni tashkil etishda o‘qituvchi o‘ziga xos qiyinchiliklarga duch keladi,
chunki ona tili darslarida ishni nimadan boshlash keraklig haqidagi savollar
tug‘ilaveradi. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, maxsus topshiriqdan keyingina
badiiy matnni kutilganidek o‘qib-o‘rganishni ta'minlash imkoniyati yuzaga
keladi.
Badiiy idrok
xususiyatlari adabiyotshunoslikda ham, adabiyot o‘qitish metodikasida ham
atroflicha yoritilgan. Bu xususda adabiyot o‘qitish sohasidagi metodist olimlar
Q.Yo‘ldoshev, S.Matchon, M.Mirqosimova, Q.Husanboyeva, R.Niyozmetova,
F.Egamberdiyeva, D.D.Islamova, G.N.Eshchanovalarning monografiyalari va metodik
qo‘llanmalarida, ona tili o‘qitish metodikasi sohasida K.Dosanovning tadqiqot
ishlarida ma’lum darajada so‘z yuritilgan. “Ona tili o‘qitish metodikasi”
kitoblarida, “Ona tili” darsliklariga yozilgan o‘qituvchi kitoblarida
yo‘l-yo‘lakay ayrim umumiy tavsiyalar bayon qilingan.
O‘qituvchi
o‘quvchilar tomonidan badiiy idrok etilish xususiyatlari haqida yetarlicha
tasavvurga ega bo‘lmog‘i lozim.
Adabiyot
darslarida o‘quvchilar adabiy asarni o‘qish va tahlil qilish jarayonida uni
badiiy idrok etishga doir muayyan tayyorgarlik ko‘radilar. Ona tili darslarida
esa ana shu tayyorgarlikni yanada mustahkamlash va chuqurlashtirish
imkoniyatlari mavjud. Lekin ayrim o‘qituvchilar darslarda badiiy matnga
ilmiy-publitsistik maqola tipidagi o‘quv matniga qaraganday munosabatda bo‘lib,
ularni o‘quvchilarga mavzu bo‘yicha o‘rganilayotgan til hodisalarinigina
aniqlash va tahlil qilish, ba’zi hollarda tarbiyaviy amallarni bajarish maqsadi
bilan yondashadilar.
Badiiy
matn har qanday sharoitda o‘z badiiyligini yo‘qotmaydi, shunga ko‘ra uni ona
tili darslarida ham o‘ziga xos tarzda o‘qish va badiiy idrok etish ustidagi
ishlarni o‘ziga xos tarzda uyushtirish mumkin. Ana shu o‘ziga xoslik nimadan
iborat ekanligi muammosini hal etish uchun dastlab ona tili darslarida badiiy
matnni o‘qish va badiiy idrok etish bilan adabiyot darslaridagi badiiy idrok
o‘rtasida qanday tafovutlar borligini aniqlab olish zarur.
Psixologiyaga
doir manbalarga ko‘ra ona tili darslaridagi badiiy idrok adabiy o‘qish
paytidagi badiiy idrokdan farq qiladi. O.K.Tixomirov idrok etish maydoni
tushunchasi haqida gapirib, geshtaltpsixologlarning shu haqdagi fikrini
keltiradi va buni quyidagi tarzda izohlaydi: “Ularning fikrini shunday
tushunmoq kerakki, idrok etish maydoni avval boshdanoq tarkibiy qismlarga
bo‘lingan bo‘ladi: in'ikos paytida idrok etilayotgan predmetning nimasidir
birinchi planga chiqadigan (figura deb nomlanadigan) va ikkinchi planga
ko‘chadigan (fon deb ataladigan) tomonlari o‘zaro ajralib turadi. Figura va fon
o‘rtasidagi munosabatlar harakatchan bo‘lib, o‘zgarib turadi, ya’ni kishining
nigohi ma’lum vaqtda nimada qaydlansa, shu figura bo‘lib qoladi, boshqalari esa
fonga ko‘chadi” [1]. Muallif ushbu
fikrni tushuntirish uchun bir misol keltiradi. Agar kimgadir bir portretni
ko‘rsatib, unda tasvirlangan odamning olijanob chizgilarini ajrating, deyilsa,
idrok shaxsning shu jihatlarini aniqlash sari yo‘naladi. Agar shu portretning o‘zini
ko‘rsatib, bu jinoyatchi, uning qiyofasini tasvirlang, deyilsa, idrok etuvchi
undan jinoyatchilarga xos alomatlarni qidirishga tushadi.
Psixologiyaga
doir manbalar asosida tavsifi berilgan idrok etish xususiyatlari, bizningcha,
ona tili darslarida topshiriq shartiga ko‘ra adabiy materialdan muayyan til
hodisasini aniqlashda ham kuzatiladi: o‘quvchi til hodisasini qidirayotgan
paytda idrok birinchi navbatda shunga – til hodisasiga qaratilib, adabiy
materialning badiiy xususiyatlari fon sifatida ikkinchi planda qabul qilinadi.
Topshiriq asosida o‘quvchilarning e’tibori adabiy materialga, asarning badiiy
qiymatiga: badiiy tasvir vositalariga, til xususiyatlariga yo‘naltirilganda, ushbu
materiallar figuraga aylanadi, ona tilidan yangi mavzu doirasida o‘rganilayotgan
til hodisalari (so‘z va gaplar, grammatik vositalar) fonga ko‘chib, ikkinchi
planda idrok qilinadi. Boshqacha aytganda, mashq va topshiriq materiali
sifatida badiiy asardan keltirilgan misol (alohida gap, bir necha gapli kichik
matn, she’riy misra yoki misralar, she’rlar) birdaniga bir necha planda (ham
til hodisalarini aniqlash, ham badiiy asarni o‘qib idrok etish, ham badiiy
mahorat sirlarini o‘rganish planida) qabul qilinmaydi. Qay birini birinchi
planga olib chiqish zarurligi topshiriq shartiga bog‘liq bo‘ladi. Agar matnni
ifodali o‘qing, degan topshiriq berilgan bo‘lsa, u badiiy idrok etilishi kerak
bo‘lib, figura sifatida birinchi asnoga chiqadi. Basharti, matnni o‘qib, darsda
o‘tilayotgan biror til hodisasini aniqlash so‘ralgan bo‘lsa, uning badiiy
jihatlari fonga ko‘chadi. Shunday bo‘lgach, ona tili darslarida o‘quvchilarning
nutq madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish yo‘lida badiiy matnlar
ustidagi ishlarni badiiy idrok jarayoni bilan oldinma-keyin tashkil etish
maqsadga muvofiq.
M.Xayrullayev, M.Haqberdiyevlar yuqoridagi holatni buyumlarning
belgilariga bo‘lgan munosabat misolida izohlab, shunday ta’kidlaydilar: “Inson
o‘z tajribasiga tayanib, buyumlarning, ayni zamonda, muhim va muhim bo‘lmagan
belgilarini ajratadi. Boshqacha aytganda, muhim va nomuhim belgilar munosabati
nisbiydir. Inson buyumlarning bir tomonini chuqurroq bilish uchun uning shu
maqsadga muvofiq bo‘lmagan belgilarini hisobga olmaydi.
Demak, insonning konkret amaliy faoliyati o‘ziga ma’lum maqsadga
qaratilgani uchun uning predmetlardagi muhim belgilarni ajratishi ham shu
maqsadga bo‘ysundirilgan bo‘ladi [2]. Muhim belgini
O.K.Tixomirovning talqinidan kelib chiqib figura, nomuhim belgini fon deb qabul
qilish mumkin.
Ona tili
darslarida badiiy matnlar mazmunini badiiy idrok etish til hodisalarini
aniqlash va tahlil etishga doir ishlardan so‘ng qo‘shimcha topshiriq sifatida
amalga oshirilishi va badiiy idrok adabiy topshiriqqa ko‘chirilishi ular ustida
olib boriladigan ko‘pi bilan 5–7 daqiqaga mo‘ljallanadigan ishlarning dastlabki
qadami sanalishi kerak. Badiiy idrok jarayoni ishga tushgan taqdirdagina
matndan estetik zavq olish, ta'sirlanish yuzaga chiqadi, ana shu ta’sirlanishni
ta’minlovchi vositalarga e’tibor paydo bo‘ladi, diqqat shularga markazlashadi.
Badiiy idrok estetik tarbiya topganlik, badiiy didga ega bo‘lganlik kabi
xislatlarda namoyon bo‘ladi. Bular so‘z va so‘z shakllarini ishlatish mahorati
bilan tanishish, imkon qadar ushbu mahoratni egallay borish asnosida rivoj
topadi.
5-sinf “Ona tili” [3] darsligidagi quyidagi
mashqni ko‘rib chiqaylik.
182-mashq. Gaplarni
o‘qing, ularning tarkibidagi kirish so‘zlarni topib, qanday mano
anglatayotganini ayting.
Bunday
paytlarda odamlar yordamga kelishmasa, nozik niholchalarning ko‘pchiligi nobud
bo‘lib ketishi mumkin-ku, axir! Nahotki, nahotki, shunday bo‘lsa! Axir, ular
tog‘ bag‘ridagi sersuv, bahavo adirlarda maza qilib o‘sishayotgan edi, o‘z
hollariga qo‘yib berishganda, bu yerlarga majburan ko‘chirib
kelishmaganda, qanday soz bo‘lardi-ya!
(X. To‘xtaboyev)
O‘quvchilarning e’tiborini -ku va axir yuklamalariga,
imlosi hamda ular orasiga qo‘yilgan tinish belgisiga qaratish maqsadida ularga
“...mumkin-ku, axir” so‘zlari bilan tugaydigan ta’sirchan gaplar tuzish
vazifasi beriladi. Matndagi nahotki,
axir, -ku, kabi kuchaytiruv-ta’kid yuklamalarining badiiy matndagi o‘rniga
alohida ahamiyat qaratiladi.
Bu kabi
badiiy matnlar yoshlarni emotsional-ekspressiv morfologik shakllar bilan tanishtirish, ularga talaffuzi,
imlosini o‘rgatish, o‘z o‘rnida bilib qo‘llashni ko‘rsatib borishda muhim rol o‘ynaydi. Ushbu
grammatik ma’noni kuchaytirib, nutqning ta’sirchanligini oshiruvchi til
hodisalari badiiy asardan olingan parchaning til xususiyatlarini qisqa tahlil
qilish jarayonida izohlanib, o‘xshash vaziyatlarda ulardan foydalanib fikr
ifodalash mashqi orqali mustahkamlanadi.
8-sinf “Ona tili” darsligining 16-dars, 1-topshirig‘ida O‘.Hoshimovning
asaridan parcha keltirilgan. Ushbu
matnda nechta gap borligini aniqlash topshiriq sifatida berilgan.
Bo‘ston qishlog‘iga og‘ir-vazmin
qadamlar bilan kuz kirib keldi. Havoga yelpig‘ichday qat-qat bulutlar chiqdi.
Quyoshning iliq, tansiq nurlari odamlarga xush yoqadigan bo‘lib qoldi. Chor-atrof
yaproqlarning mungli shivir-shiviriga to‘ldi.
Ushbu mashqda ham badiiy matndan
olingan parchaning bir jihatiga, yani til hodisasini aniqlashga e’tibor
qaratilgan. Bunday hollarda o‘qituvchi o‘quvchilar diqqatini matnda qo‘llangan kuzning
og‘ir-vazmin qadamlar bilan kirib kelishi gapiga, yelpig‘ichday qat-qat
bulutlar, tansiq nurlar, yaproqlarning mungli shivir-shiviri
kabi so‘z birikmalariga qaratishi ularda badiiy idrok jarayonining ishga
tushishini taminlab beradi. Ular matnda qo‘llangan emotsional-ekspressiv
vositalar hamda badiiy tasvir vositalarini ham aniqlab, izohlab, badiiy
matnning sehrini his etishadi. Bu esa ularda estetik zavqni paydo qiladi.
Bunday
ta’limiy tadbirlar orqali badiiy matn nafosati, tabiat, xulq-atvordagi
go‘zallik uyg‘otgan tuyg‘u, zavq hissi estetik ong faktiga aylanadi. Biror
narsadan ta’sirlanish natijasida yuzaga kelgan hissiyotlar kishining ongida,
xotirasida uzoq vaqt saqlanadi. Kitobxonning ko‘ngli ana shunday ta’sir kuchiga
ega bo‘lgan badiiy asarni tusaydigan bo‘lib qoladi. Bu holat unda estetik
didning, badiiy qarashlar va e’tiqodning yuzaga kelganidan dalolat beradi. Ona
tili darslarida badiiy matn o‘qilganda, undan badiiy zavq olishni kuta
boshlaydi.
Demak, ona
tili darslarida badiiy idrok maxsus topshiriq asosida matnni badiiy asardan
olingan parcha sifatida o‘qish, til xususiyatlarini o‘rganish sari
yo‘naltirilgan taqdirdagina mashq materiali oddiy o‘quv matni emas, balki adabiy
matn deb qabul qilinadi va o‘qiladi, natijada u figura sifatida birinchi planga
ko‘chadi. Shundagina asar mazmunini adabiyot darslarida bo‘ladigan kabi badiiy
idrok etish jarayoni ro‘yobga chiqadi.
Shu o‘rinda
badiiy idrok etish tushunchasiga to‘xtalib o‘tish joiz. N.D.Moldavskaya o‘z
monografiyasida “idrok etish” terminidan hissiy o‘quv-biluv bosqichidagina
emas, balki inson ruhiyatining juda keng sohasini (tafakkur bilan bir qatorda
axloqiy va estetik tuyg‘ularini, qayta yaratuvchi va ijodiy xayolotini,
mantiqiy va emotsional xotirasini, maxsus qobiliyatlarini) qamrab oladigan
mavhum fikrlash (tafakkur qilish) bosqichida ham kechadigan chuqur mazmunli va
keng jarayon ifodasi degan ma’noda foydalanadi [4].
7-sinf “Adabiyot” darslik-majmuasida izoh berilganidek, “Insondagi
ismsiz tuyg‘ular, nozik kechinmalar, ko‘z bilan ko‘rib, quloq bilan eshitib,
qo‘l bilan ushlab, til bilan totinib, burun bilan iskab bo‘lmaydigan ruhiy
holat jilvalarini faqat so‘z yordamida ifoda etish mumkin. Badiiy adabiyot san’atning
boshqa turlaridan asosiy ish quroli ham, materiali ham so‘z ekanligi bilan ajralib turadi” [5].
“Badiiy asarlarning kishida his-tuyg‘u uyg‘otishi sababi shundaki, har qanday
badiiy asar, avvalo, kechinma, hissiyot, munosabatning mahsuli” [5].
Ma'lum
bo‘ladiki, badiiy idrok etish inson ruhiyatining aqliy, axloqiy, estetik,
ijodiy kabi keng doiradagi sohalarini qamrab olar ekan. Estetik soha esa badiiy
didni ham o‘z ichiga oladi. Shunday bo‘lgach, ona tili darslarida badiiy matn
ustidagi ishlarga oz vaqt ajratilsa-da, ular nihoyatda ixcham, lekin keng
qamrovli tashkil etilmog‘i lozim.
Xulosa
o‘rnida shuni aytish mumkinki, ona tili darslarida badiiy idrok o‘ziga xos
xususiyatlarga ega bo‘lib, uni birinchi planga olib chiqish uchun badiiy matn
asosidagi mashq shartiga qo‘shimcha topshiriq kiritish yo‘li bilan til
xususiyati ustidagi ishlarni figuraga aylantirish zarur. Bu ishlar ijodiy
tafakkur sohibini tarbiyalash, uning estetik madaniyatini rivojlantirish maqsad
va vazifalariga mos keladi.
Foydalanilgan
adabiyotlar:
1.Тихомиров О.К. Психология: Учебник
/ Под ред. О.В.Гордеевой. – М.: Высшее образование, 2006. – 538 с.
2. Хайруллаев М., Ҳақбердиев М. Мантиқ. –Т.: Ўқитувчи, 1993. – Б.106-107.
3. Ona tili: Umumta’lim maktablarining 6-sinfi uchun/
N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov, D.Nabiyeva.— T.: Tasvir, 2013. 32-b.
4. Молдавская Н.Д. Литературное развитие
школьников в процессе обучения. – М.: Педагогика, 1976. – С.28.
5.
Adabiyot. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 7-sinfi uchun darslik-majmua /
Q.Yo‘ldoshev, B.Qosimov, V.Qodirov, J.Yo‘ldoshbekov. Qayta ishlangan 3-nashri.
– T.: Sharq, 2013. 3-b.
Comments
Post a Comment