Maqola Global ta’lim va milliy metodika. Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallaridan olindi.
Xulosa
qilib shuni aytish mumkinki, matn oʻquvchining oʻz ona tilida boʻlishiga
qaramay, uni oʻqib, toʻliq tushunish turli xil mashqlar va mashgʻulotlar
davomida rivojlantirishni talab etadi.
Muallif: Feruza Sharopova
Bugungi
kunda bilim berish va uni sinovdan oʻtkazishning xalqaro me’yorlari oʻrganilib,
ularni Respublikamizdagi ta’lim jarayoniga joriy etish rejalashtirilmoqda.
Dunyoda ta’lim sifati, saviyasi va darajasini aniqlab
beruvchi PISA (Oʻquvchilarni ta’limdagi yutuqlarini baholash xalqaro dasturi),
PIRLS (Matnni oʻqish va tushunish darajasini aniqlovchi xalqaro tadqiqot),
TIMSS (Maktabda matematika va aniq fanlar sifatini tadqiq qiluvchi xalqaro
monitoring) kabi bir qator xalqaro dasturlar mavjud boʻlib, ular rivojlangan davlatlardagi
ta’lim sifatini yanada oshirishdagi mezon sifatida keng qoʻllanilib kelinmoqda.[1]
PISA - oʻquvchilarni ta’lim sohasidagi yutuqlarini baholash boʻyicha
xalqaro dastur boʻlib, undagi test jahon davlatlaridagi maktab oʻquvchilarining
bilimi va ularni amaliyotda qoʻllay olish mahoratini baholaydi.[2]
Dasturning asosiy maqsadi – 15 yoshli oʻquvchilar ta’lim dargohida olayotgan bilim
va tajribalarini ijtimoiy munosabatlarda va inson faoliyatida uchraydigan turli
xil hayotiy vazifalarni yechishda qanchalik foydalana olish qobiliyatini baholashdir.
Mazkur xalqaro tadqiqotning maqsadi turli xil ta’lim tizimidan iborat boʻlgan davlatlardagi
boshlangʻich maktab oʻquvchilarining matnni oʻqish va qabul qilish boʻyicha
tayyorgarligi hamda oʻquvchilarning har xil yutuqlarga erishishga sabab boʻluvchi
ta’lim tizimidagi oʻziga xos xususiyatlarni aniqlash va baholashdan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasi umumiy oʻrta va oʻrtamaxsus ta’limi
DTS va dasturining yangi nashrida oʻquvchilarning yosh darajasiga qarab, ular ega
boʻlishi kerak boʻlgan bilim, koʻnikma va malakalari (A1, A1+, B1, B 1+… koʻrinishlarida)
belgilanib, kompetensiyalarga talablari ham kiritilgan.[3] Ona tili
fani boʻyicha belgilangan kompetensiyalarida tinglab tushunish, soʻzlash, oʻqish,
yozish kabi talablar berilgan boʻlib, lisoniy
malakani baholashdagi eng asosiy boʻgʻinlardan biri boʻlgan
matnni oʻqib tushunish kompetensiyalar sirasida tilga olinmagan. Dasturda ham
matnni oʻqib tushunish boʻyicha topshiriqlar kiritilmagan. Til oʻqitish
nazariyalariga oid tadqiqotlarda oʻqib tushunishga alohida e’tibor qaratish
kerakligi ta’kidlanadi.[4]
Matnni tushunish nazariy jihatdan psixolingvistikaning
obyekti hisoblanadi, oʻqituvchi oʻquvchilarga havola qilinayotgan matnning
ularga qanchalik ta’sir etishi, uni qanday topshiriqlar orqali toʻliq va oson
tushunilishini inobatga olishi lozim.[5]
Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining
“Oʻzbek tili va adabiyotini oʻqitish metodikasi” kafedrasi 2018-2019-oʻquv
yilida ona tili va adabiyotni oʻqitish metodikasini takomillashtirish yuzasidan
Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 114-maktab bilan hamkorlik qilmoqda.
Ona tili boʻyicha 5-“A” sinfida til koʻnikmasining 4 koʻrinishi:
eshitib tushunish, oʻqib tushunish, ogʻzaki va yozma nutqni rivojlantirishga urgʻu
bergan holda tajriba darslari oʻtkazilmoqda.
Ushbu maqolada biz oʻquvchilarning matnni oʻqib, uni qay
darajada tushunganlari haqida soʻz yuritamiz. Buning uchun 10 nafar 5- sinf oʻquvchilari
bilan tajriba oʻtkazdik. Oʻquvchilarga “Jajji akademik” jurnalining 2018-yil
12-sonidagi 9-betidagi “Asalari raqsi” nomli 182 ta soʻz, beshta blokdan tashkil
topgan matn berildi. Oʻquvchilar matnni uch marta oʻqidilar va berilgan toʻrtta
topshiriqni bajardilar.
Birinchi topshiriq, toʻgʻri, notoʻgʻri, berilmagan
(true, false, not given) jadvalli mashqi boʻlib, unda matn yuzasidan yettita gap
berildi;
Ikkinchi topshiriq shu matn tarkibidan grammatik mavzuga
aloqador uyadosh soʻzlarni topish.
Uchinchi topshiriqda ba’zi soʻzlari tushirib qoldirilgan
gaplar berildi. Oʻquvchilar tayanch soʻzlardan foydalanib, uni toʻldirishlari kerak
edi.
Toʻrtinchi topshiriqda esa oʻquvchilar oʻzlarining tasavvurlaridagi
asalarini chizishlari kerak edi.
Natijalar shuni koʻrsatadiki, 2 ta oʻquvchi matnni oʻqib
tushunishni tekshirish uchun berilgan savollarning 96%; 2 ta oʻquvchi 92%; 2
ta oʻquvchi 80%, qolgan oʻquvchilar 84, 88, 72, 40% toʻgʻri javob berganlar.
Bu topshiriqda 40% natijaga erishgan oʻquvchi boshqa mashqlarda
ham past koʻrsatkichlarga ega boʻlgan.
Birinchi, jadvalli topshiriqlardagi natijalarni tahlil
qilamiz. Toʻgʻri javoblar miqdori 3 ta oʻquvchida 100 %, 2 tasida 85 %, 2 tasida 71 %, 2 tasida
57%, 1 tasida 43 % ni tashkil qildi. Beshta oʻquvchi aynan 5-6-gaplarda xato qilganlar.
Jadvalda 5-gap oʻquvchining diqqati va xotirasini sinash maqsadida biroz oʻzgartirib
quyidagicha berilgan: “Sherigining raqsidan boshqalar gulning faqatgina qayerda
joylashganini bilishadi, xolos”. Asl matnda esa:
“Kichik doira yoki sakkiz raqami shaklini hosil qilib raqsga tushayotgan asalarining harakatlariga qarab sheriklari gulning qayerda, qancha masofada, qanday oʻlchamda ekanini aniq bilib oladi”,
ya’ni “faqatgina, xolos” soʻzlari qoʻshilgan.
Oʻquvchilar matndan mana shu soʻzlarni topolmaganliklari uchun uni “berilmagan”
yoki “ha” deb belgilaganlar. 6-savol esa jadvalda quyidagicha berilgan:
“Avstriyalik buyuk olim asalarining raqsini tushunmagan holda gulzorni aniqlashga
harakat qilgan”. Asl matnda:
“Asalarilar “tili”ni birinchi boʻlib avstriyalik buyuk olim Karl fon Frish tushunib qolgan. U raqsga tushayotgan asalariga qarab chizmalar chizgan va ularga qarab asalari koʻrsatayotgan gulzorni aniqlagan.”
Oʻquvchilar jadvalda oʻzgartirib berilgan “tushunmagan holda”
degan birikmadagi -ma inkor ma’no hosil qiluvchi qoʻshimchaga e’tibor bermaganlar,
shuning uchun “ha” javobini tanlaganlar. Bu esa oʻquvchining matnni oʻqiyotganida
uning birliklarini toʻliq qabul qilmaganligini bildiradi.
Ikkinchi topshiriq natijalari birinchisiga qaraganda bir
oz yuqori, ya’ni 7 ta oʻquvchi 100 %, 3 ta oʻquvchi 50 % tushunib bajarganlar.
Uyadosh soʻzlar nimaligi tushuntirilgan edi. Toʻgʻri bajarganlar quyidagicha yozganlar:
“asalari-gul-asalari uyasi – quyosh -gulzor- asal” kabi, xato yozganlar esa:
“uya-oʻtloq-ferma” yoki “olim -fan-gul-asalari raqsi-asal” deb javob berganlar.
Notoʻgʻri yozganlar matn mazmunidan kelib chiqqan holda bir-birini ergashtiradigan
soʻzlarni topganlar. Uya stimul soʻzi, uning oʻtloq yoki fermada mavjud boʻlishiga
assotsiatsiya boʻlgan.
Uchinchi, soʻzlari tushirib qoldirilgan matnni toʻldirish
boʻyicha xatolar yuqoridagi ikkita topshiriqlardan yaxshi bajarilgan, ya’ni ikkita
oʻquvchi umuman xato qilmagan (100%), uchta oʻquvchi bittadan (95%), bitta oʻquvchi
ikkita (81%), ikkita oʻquvchi uchtadan (74%), qolgan ikkita oʻquvchi 4 (70%) va
10 ta (45%) xato qilganlar. Bunda koʻp oʻquvchilar quyidagi gaplarda xato qilganlar:
“Kichik doira yoki ……
raqami shaklini hosil qilib raqsga tushayotgan asalarining harakatlariga qarab
…… gulning qayerda, qancha masofada, qanday …… ekanini aniq bilib oladi.”
Asl matnda:
“Kichik doira yoki sakkiz raqami shaklini hosil qilib raqsga tushayotgan asalarining harakatlariga qarab sheriklari gulning qayerda, qancha masofada, qanday oʻlchamda ekanini aniq bilib oladi.”
Ikkita oʻquvchi tushirib qoldirilgan sakkiz soʻzining oʻrniga
“raqs, sheriklari” deb, sheriklari soʻzining oʻrniga “sakkiz, raqs” deb yozganlar.
Bundan koʻrinib turibdiki, bu oʻquvchilar yuqoridagi
savollarga javob topish davomida matnga qayta murojaat qilmaganlar. Shuningdek,
so‘zni qo ‘ygandan keyin u gapga mos tushayotgan yoki mos tushmayotganligini oʻquvchi
oʻqib tekshirib koʻrmagan.
Ta’lim sifatini yaxshilashning muhim jihatlaridan biri
oʻzi bajargan vazifani tekshirishga oʻrgatish hamdir. Yana eng koʻp uchragan xatolardan
biri quyidagi gapda: “Olimga jonzotlar “tili”ni ilmiy asoslab bergani uchun Nobel mukofoti berilgan.” Bu yerda “tili” soʻzi tushirilgan edi. Oʻquvchilar uning oʻrniga
“raqsi, asalari, chizmasi” javoblarini yozganlar. “asalari tili” stimul soʻz sifatida
raqs, chizma, asalari soʻzlariga assotsiatsiyani hosil qilgan. “Raqsi” va
“chizmasi” soʻzlari matn mazmuni tushunilganligini, ya’ni oʻquvchi matndagi
“tili” soʻzining koʻchma ma’noda qoʻllanganligini anglab yetgan.
Toʻrtinchi topshiriqda barcha oʻquvchilar asalarining rasmini
chiroyli koʻrinishda tasvirlaganlar. Yuqorida juda past natijalarni koʻrsatgan
past oʻzlashtiruvchi oʻquvchi ham shunday.
Mazkur tajribada qoʻllangan topshiriqlar bolaning
matnni qay darajada tushuna olgani, berilayotgan savolga javob topish uchun
diqqatli boʻlgani yoki boʻlmaganini, ya’ni ularning xato- kamchiliklarini
aniqlash va uni bartaraf etish maqsadida berildi. Har bir topshiriq matnning ma’lum
bir jihatiga e’tibor qaratishni talab qiladi. Masalan, 1-topshiriq boladan til
birliklariga diqqat qilishini talab etadi. Bu topshiriq natijasida biz 30 foiz
bolaning matnni oʻqiyotganida uning hamma birliklarini ham qabul qilmaganligini
koʻramiz.
2-topshiriq matnning nafaqat mazmuniga, voqealar
rivojiga nisbatan e’tiborli boʻlishga, balki matnni oʻqish jarayonida oʻquvchi
gaplarning tuzilishiga, uning tarkibidagi gap boʻlaklari yordamchi soʻzlar va
boshqalarning qoʻllanishiga ham diqqat qaratishlari kerakligiga urgʻu beradi.
Bu topshiriqning natijalariga koʻra, 75 foiz oʻquvchi toʻgʻri bajarganligini koʻrdik.
3-topshiriq matnning eng muhim, ma’no oʻzgarishi
mumkin boʻlgan qismlariga e’tibor qaratish kerakligini nazarda tutgan edi. Natijalarga
koʻra, 86 foiz oʻquvchi qoʻyilgan maqsadga erishganlar.
4-topshiriq esa, oʻquvchini faollashtirish, erkin
ijod qilishga undaydi. Bu topshiriqda matnni oʻqish jarayonida oʻquvchi qanday
koʻrinishdagi asalarini tasavvur qilgani, uni oʻz qoʻllari bilan chizishdagi
harakatlari va uning natijasiga e’tibor qaratilgan. Oʻquvchilarning ijodiy
ishlarini inobatga olgan holda, topshiriq 90 foiz yaxshi bajarilgan deb ayta
olamiz.
[1]
Ta’lim sifatini baholashning ilgʻor tajribalari oʻrganildi va takliflar ishlab
chiqildi//https:kun.uz/uz/news.
[2] Pisa bu nima? https://www.google.com
[3] Oʻzbekiston Respublikasi umumiy oʻrta va oʻrtamaxsus
ta’limi dasturi. 2017-yil,16-aprel.
[4] David Nunan. Language teaching methodology. Macquarie
university.1991.
[5] Azimova.I.Oʻzbek tilidagi
gazeta matnlarining mazmuniy persepsiyasining psixolingvistik tadqiqi:F.f.n.diss.-T.OʻzMU,2008
Comments
Post a Comment