Skip to main content

“Standart o‘zbek tili” risolasi


Filologiya fanlari doktori Aziz Boltayevich Joʻrayevning "Standart oʻzbek tili" risolasiga yozilgan soʻzboshi. Bu risola olim hayotligida 4 bob boʻlishi rejalashtirilgan ishning birinchi bobidir. Qolgan boblar, afsuski, yakunlanmay qolgan.


Muallif: Iroda Azimova (filologiya fanlari nomzodi)


Standart til masalasi tilshunoslikdagi markaziy masalalardan biridir. Til og‘zaki ko‘rinishda insonlararo muloqotni ta’minlasa, yozma ko‘rinishdagi til bir millatning madaniyati, tarixi, asrlar davomida yiqqan tajribasini avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi. Buning samarali amalga oshishi uchun esa tilning umum tomonidan qabul qilingan, bir millat doirasidagi turli sheva vakillari uchun birday tushunarli bo‘lgan me’yorlashtirilgan shakli zarurdir.

Hozirga qadar o‘zbek adabiy tili tushunchasi o‘zbek tilining me’yorlashtirilgan shakli sifatida o‘qitib kelinadi. O‘rta maktabdagi va oliy ta’limdagi ona tili va hozirgi o‘zbek adabiy tili darsliklari ko‘zdan kechirilar ekan, ularda grammatik qoidalarni tushuntirish uchun misollar asosan badiiy adabiyotdan olinganligini ko‘ramiz. Xuddi shuningdek, bolalarga grammatik qoidani o‘zlashtirish uchun berilgan mashqlardagi gaplar ham asosan badiiy asarlardan tanlab olinadi. O‘rta maktab davrida bolalarga beriladigan insholarga qo‘yiladigan asosiy talab ham badiiylikdir. Bu holat ona tili ta’limi uning faqat bir shakli – badiiy uslub bilan chegaralanib qolganligini ko‘rsatadi. Vaholanki, inson kundalik hayoti davomida tilning badiiy uslubidan ko‘ra boshqa uslublarini qo‘llashga ko‘proq ehtiyoj sezadi.

Ma’lumki, o‘zbek tilshunosligi rus tilshunosligi ta’siri ostida shakllangan, “o‘zbek adabiy tili” tushunchasi ham “современный русский литературный язык”ning aynan tarjimasidir. Mantiqan olganda “o‘zbek adabiy tili” o‘zbek tilining barcha ko‘rinishlari uchun namuna vazifasini o‘tashi lozim bo‘lsa-da, o‘zbek tili bo‘yicha qilingan ko‘pgina tadqiqotlar uning faqat bir shakli – badiiy adabiyot bilan cheklanib qolgan. G‘arb davlatlarida tilning me’yorlashtirilgan ko‘rinishi sifatida standart til tushunchasi qo‘llanadi: “Standard English”, “Español estándar”, “Le français standard” kabi. Bu atamaning afzalligi unda xalq o‘rganishi va bilishi kerak bo‘lgan til faqat badiiy adabiyot bilan cheklanmasligiga urg‘u beriladi. Filologiya fanlari doktori, professor Aziz Boltaevich Jo‘rayevning ushbu tadqiqotida o‘zbek tilshunosligida birinchi marta standart o‘zbek tili tushunchasi qo‘llanadi va uning zarurati ilmiy jihatdan asoslanadi: 
“Standart o‘zbek tili o‘zbek tilining barcha ontologik ko‘rinishlari uchun ideal og‘zaki va yozma lingvodidaktik namunadir. U o‘qimishli o‘zbeklarning… ko‘p variantli nutqiy hulqida yetakchilik qiladi.”


Mazkur risola olimning “Standart o‘zbek tili” deb nomlangan yakunlanmagan tadqiqoti bo‘lib, muallif rejalashtirgan tadqiqotning birinchi bobidir. Olim standart o‘zbek tili tushunchasini ilmiy taomilga kiritar ekan, o‘zbek adabiy tili va standart o‘zbek tilining o‘zaro kesishgan va farqli jihatlarini nazariy va amaliy jihatdan asoslaydi. Standart o‘zbek tili ham o‘zbek tilining mavjud yashash shaklidir. Uning shakllanishi o‘tgan asrning 30-yillarida o‘zbek tilining ta’lim tizimiga kirib kelishi va fan sifatida o‘qitila boshlashi bilan bog‘liq. Standart o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyoti sobiq ittifoq davrida yuritilgan siyosat bilan bevosita bog‘liqdir. Xususan, ruslashtirish siyosati o‘zbek tilining ham ilmiy tadqiqiga, ham ona tili sifatida o‘qitilishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi, bosim o‘tkazdi. Rus tilshunosligidagi an’analarga xos tarzda ona tilini o‘qitishda o‘quvchining nutqi badiiy matn orqali me’yorga solishga harakat qilindi. Ma’lumki, badiiy matn uchun badiiy tafakkur zarur, badiiy tafakkurning asosida insonning individual hayotiy tajribasi yotadi, ya’ni ma’lum ruhiy holat hayotda kuzatilgan ma’lum predmet yo hodisa bilan assotsiatsiyalanadi. Tabiiyki, professional yozuvchi va maktab o‘quvchisining o‘rtasida yosh jihatdan, hayotiy tajriba jihatidan katta farq bor. Yozuvchi qo‘llagan jumla va obrazlar har doim ham maktab o‘quvchisi uchun tushunarli bo‘lmasligi mumkin. Til ta’limidagi bu nomutanosiblik o‘quvchi til malakasining rivojlanishiga salbiy ta’sir etadi. Shuningdek, mazkur tadqiqotda ta’kidlanganidek, “barcha ona tili darsliklarida emotiv leksika miqdor jihatidan kognitiv leksikadan ustun.” O‘quvchining ona tili vositasida mustaqil fikrlashi va o‘z fikrini bayon qilishi uchun kognitiv leksikani o‘zlashtirishi muhimroqdir. Buning uchun
“maorif tilini... alohida ontologik birlik sifatida tan olish zarur. Bu birlikni... “standart o‘zbek tili” yoki “o‘zbek tilining lingvodidaktik namunasi” deb atash ma’qul.”


Risolaning navbatdagi bo‘limi yozma o‘zbek tili va yozma o‘zbek badiiy tilining umumiy va farqli jihatlariga bag‘ishlanadi. O‘zbek tilining mazkur ikkala shakli o‘rtasidagi asosiy farq standart o‘zbek tilining davlat va jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadigan rasmiy nutq modeli, badiiy til esa norasmiy nutq modeli ekanligida deb ko‘rsatiladi.  Shuningdek, o‘zbek yozma badiiy tilida standartlashgan va standartlashmagan lisoniy vositalarning qo‘llanishi faktik materiallar bilan ko‘rsatib beriladi. Olim ularni “badiiy orfogramma” deb ataydi va unga standart orfogrammani qarama-qarshi qo‘yadi.

Tadqiqotda standart o‘zbek tili va o‘zbek shevalari munosabatiga alohida to‘xtalinadi. Standart o‘zbek tili va o‘zbek shevalari o‘rtasidagi chegara qat’iy belgilab beriladi va standart o‘zbek tili uchun birorta sheva asos bo‘lib xizmat qilmagani ilmiy jihatdan asoslanadi. Shu bilan birga o‘zbek tilining barcha ontologik shakllari kesishgani kabi standart o‘zbek tili va o‘zbek shevalari ham o‘zaro kesishishi, shuningdek, o‘zbek shahar shevalari muhitining standart o‘zbek tili uchun ijtimoiy ahamiyati kattaligi ta’kidlanadi.

Muallif standart o‘zbek tili va ommaviy axborot vositalari tili, standart o‘zbek tili va o‘zbek so‘zlashuv nutqi masalalaridagi asosiy nuqtalarni yoritadi. Xususan, ommaviy axborot vositalari tilining bugungi holati “oraliq ontologik tabiatga ega” ekanligi, u hali to‘la shakllanmagan standart o‘zbek tili va yozma badiiy o‘zbek tili orasida yashab kelayotganligi aytiladi. O‘zbek so‘zlashuv nutqi esa o‘zbek shevalarining kuchli ta’siri ostida ekanligiga e’tibor qaratiladi. Shu o‘rinda o‘zbek tilshunosligida o‘zbek so‘zlashuv nutqining o‘rganilishi shu vaqtga qadar badiiy adabiyot namunalari asosida amalga oshirilganligi ko‘rsatiladi. Olim haqli ravishda bunday matnlar og‘zaki nutq emas, balki
“og‘zaki nutqning maqsadli taqlid bilan qayta ishlangan va yozma shaklga keltirilgan badiiy namunalari hisoblanishi kerak” deydi, chunki so‘zlashuv nutqi “yozuvga ega emas, uni jonli talaffuzsiz (ohang, nutq tempi va boshqalar), shuningdek, paralingvistik vositalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.”


Standart o‘zbek tili o‘zbek tilining mavjud yashash shakli hisoblansa-da, unga bo‘lgan ijtimoiy buyurtmaning yuqoriligi sabab doimiy ravishda standartlashtirilishi zarur, chunki u  jamiyat bilan, uning o‘sib borayotgan ehtiyojlari bilan bevosita bog‘liq. Muallif bu o‘rinda aynan nimalarga e’tibor qaratish zarurligini aniq belgilab beradi. Jumladan, standart o‘zbek tili va o‘zbek tilining boshqa ontologik shakllari bilan o‘zaro munosabatini tadqiq qilish, grammatik va leksikografik ishlarning tanqidiy tahliliga tayanib, standart tilning yangi bosqichdagi imkoniyatlarini qayd etish, standart tilning yangi bosqichdagi imkoniyatlarini o‘zbek tili ta’limining turli ko‘rinishlariga olib kirish kabi vazifalar o‘zbek tilini standartlashtirishda o‘ta muhimdir.

Filologiya fanlari doktori, professor Aziz Boltaevich Jo‘raevning mazkur risolasi o‘zbek tilshunosligida yangi sahifa ochadigan tadqiqotdir. Bu tadqiqotda standart o‘zbek tilining tarixi, bugungi holati va istiqboli haqidagi ilmiy-nazariy mulohaza va xulosalar bilan bir qatorda o‘zbek tilshunosligining yutuqlari va zaif bo‘g‘inlari ko‘rsatib o‘tiladi. Olimning mazkur mulohazalariga tayangan holda ham nazariy, ham amaliy jihatdan ahamiyati yuksak bo‘lgan tadqiqotlarni amalga oshirish mumkin. Shuningdek, ushbu risola har bir o‘zbek ziyolisining kutubxonasida bo‘lishi zarur. O‘zbek tilini ona tili deb biladigan, o‘z tadqiqotlarini, o‘z bilim va tajribalarini shu tilda xalqqa yetkazadigan barcha olimlar standart o‘zbek tili masalalari bilan yaqindan tanish bo‘lishlari va uni standartlashtirish jarayoniga o‘z hissalarini qo‘shishlari maqsadga muvofiqdir.

Toshkent
2016-yil 4-iyul

Comments

Popular posts from this blog

Ona tilida oʻqib tushunish malakasini rivojlantirish yuzasidan tajribaviy tadqiq

Maqola Global ta’lim va milliy metodika. Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari dan olindi. Muallif: Feruza Sharopova Bugungi kunda bilim berish va uni sinovdan oʻtkazishning xalqaro me’yorlari oʻrganilib, ularni Respublikamizdagi ta’lim jarayoniga joriy etish rejalashtirilmoqda. Dunyoda ta’lim sifati, saviyasi va darajasini aniqlab beruvchi PISA (Oʻquvchilarni ta’limdagi yutuqlarini baholash xalqaro dasturi), PIRLS (Matnni oʻqish va tushunish darajasini aniqlovchi xalqaro tadqiqot), TIMSS (Maktabda matematika va aniq fanlar sifatini tadqiq qiluvchi xalqaro monitoring) kabi bir qator xalqaro dasturlar mavjud boʻlib, ular rivojlangan davlatlardagi ta’lim sifatini yanada oshirishdagi mezon sifatida keng qoʻllanilib kelinmoqda. [1] PISA   -   oʻquvchilarni ta’lim sohasidagi yutuqlarini baholash boʻyicha xalqaro dastur boʻlib, undagi test jahon davlatlaridagi maktab oʻquvchilarining bilimi va ularni amaliyotda qoʻllay olish mahoratini baholaydi. [2] Dasturnin...

Eshitib tushunishda “pastdan yuqoriga” va “yuqoridan pastga” yondashuvlari

Ushbu maqola David Nunanning “Til oʻqitish metodologiyasi” (Languagae teaching methodology) kitobidan erkin tarjima qilingan. Tarjimon: Shokir Tursunov Ogʻzaki nutqni eshitib tushunish jarayoni qanday kechadi? Eshitilgan nutqdan mazmunni samarali chiqarib oladigan odamlar bunga qanday erishadilar? Oddiy qaralsa, ogʻzaki nutqni tushunish jarayoni nutq oqimini tarkibiy qismlarga – tovushlarga, fonemalarga ajratib olishdan boshlanadi, keyingi bosqich esa boʻgʻin, soʻz, soʻz birikmasi, sintagma, gap, matn ketma-ketligida davom etadi. Bu qarash nutqni eshitib tushunishga “pastdan yuqoriga” (bottom-up) yondashuvi hisoblanadi, koʻrinib turibdiki ushbu yondashuv yetarli darajada mukammal emas, uni osongina rad etish mumkin. Matn Ular shunday betartib joylanganki, hammasini tartibga keltirish uchun ancha vaqt kerak. Keyin ularni saralash kerak boʻladi. Menimcha, rangiga qarab saralagan ma’qul. Rangiga qarab saralab olgach yana bir ichki saralash oʻtkazish va mavsumiy koʻrs...

MOBIL ILOVALAR ORQALI TIL O‘RGANISH VA O‘RGATISH: ILOVALAR TASNIFI

KIRISH Jozibali texnologiyalar sirasiga kiruvchi mobil ilovalar bugungi kunga kelib ta’limda o‘ziga xos inqilob yasagani hech kimga sir emas. So‘nggi yillarda bunday ilovalar ta’lim jarayoniga chuqur kirib bordi. Smartfon va turli mobil gadjetlar taraqqiyoti an’anaviy ta’lim jarayonini o‘zgartirib yubordi. Bu o‘zgarishlar til ta’limida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Mobil qurilmalardan foydalanish til ta’limi sohasiga oid ko‘plab ilovalarning yaratilishiga olib keldi. Hozirgi kunda foydalanuvchilar internet orqali ana shunday ilovalarni bemalol yuklab olishlari va mustaqil ravishda tillarni o‘rganishlari mumkin. Ushbu maqola til o‘rgatuvchi mobil ilovalar tasnifiga bag‘ishlangan bo‘lib, o‘rganuvchi va o‘rgatuvchilar o‘zlari uchun qaysi ilova qulay va foydali ekanligini aniqlab olishlariga yordam beradi. Til o‘rganuvchilar uchun qaysi ilovaning qulayligi va ko‘proq foydali ekanligini aniqlashga qaratilgan izlanishlar deyarli amalga oshirilmagan. Bu esa ko‘plab ilovalardan qay bir...