Maqola Global ta’lim va milliy metodika. Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallarining 215-224-betlaridan olindi.
Muallif: Iroda Azimova
Taʼlim jarayoni asosan til vositasida kechar ekan, ona tili taʼlimi
taʼlim tizimidagi fanlar orasida alohida oʻrin tutadi. Boshqa fanlarning
oʻzlashtirilishi oʻquvchining oʻz ona tilida yozma matnni, ogʻzaki matnni
tushunish, oʻz fikrini yozma va ogʻzaki shaklda izchil bayon eta olish
koʻnikmasi bilan bevosita bogʻliq. Aytish mumkinki, ona tili taʼlimi har
qanday bosqichdagi taʼlimning negizini tashkil etadi. Tilning eng birinchi
vazifasi maʼlumotni kodlash va dekodlashdir, yaʼni soʻzlovchi oʻz fikrini
toʻgʻri ifodalashi kerak va qabul qilingan nutqda berilgan maʼlumotni
toʻgʻri tushunishi kerak. Oʻrta maktabda ona tili taʼlimi tilning aynan shu
– birlamchi funktsiyasini qoʻllash malakasini shakllantirishga qaratilishi
kerak.
Psixolingvistik tadqiqotlardan maʼlumki, insonning til qobiliyati
toʻrt xil kognitiv malakaning oʻzaro bogʻliqligida rivojlanadi: eshitib
tushunish, fikrini ogʻzaki bayon qilish, oʻqib tushunish, fikrini yozma
bayon qilish. Eshitib tushunish va gapirish ogʻzaki nutq shakli bilan
bogʻliq, oʻqib tushunish va yozish esa tilning yozma shakli bilan. Eshitib
tushunish va oʻqib tushunish psixologik tomondan nutqni qabul qilish
jarayoni, gapirish va yozish esa nutq yaratish jarayonidir. Mazkur
malakalarning har biri insonning turli aʼzolari yordamida yuzaga chiqar
ekan, ularning har biri oʻzaro bogʻliqligi bilan birga, bir-biridan farqli
ekanligiga eʼtibor qaratish zarur. Xususan, nutqni eshitib tushunish inson
bosh miyasining chakka qismida joylashgan neyronlar taʼsirlanishi
asosida amalga oshadi; oʻqib tushunish bosh miyaning ensa qismidagi
neyronlar yordamida; gapirish bosh miyaning peshona boʻlimidagi nutq
aʼzolarini harakatlantiruvchi neyronlar yordamida; yozish esa bosh
miyaning peshona boʻlimidagi qoʻlni harakatlantiruvchi neyronlar
yordamida amalga oshiriladi. Bir qarashda mazkur farqlar muhim
emasday tuyuladi, chunki asosda semantik tizim bitta boʻladi, semantik
tizim qolgan hammasini boshqaradiganday tasavvur qilamiz, chunki
sogʻlom odamda mazkur toʻrt malakaning jiddiy farqi sezilmaydi. Koʻp
kitob oʻqigan odam yaxshi gapiradi, yaxshi yozadi deb qaraladi, bunday
boʻlmasa u istisno sifatida eʼtiborga olinmaydi. Mazkur yondashuvga
neyrolingvistik tadqiqotlar chek qoʻygan. Nutqiy patologiyasi bor
bemorlar kuzatilganda, ularning gapirishi va tushunishida farq borligi
aniqlangan. Masalan, Broka afaziyasiga chalingan bemorlar gapni
nisbatan yaxshi tushunadi, biroq yaxshi gapira olmaydi, ularning nutqi telegrafik xarakterda boʻladi. Shuningdek, afaziyaga chalingan kishi bir
narsaning nomini ogʻzaki aytganda boshqacha, yozma yozib berganda
boshqacha aytish holatlari kuzatilgan. Masalan, B.Rapp va A.Karamatsa
bir bemor rasmni yozma va ogʻzaki nomlashda ikki xil natija
koʻrsatganligini qayd etganlar . Jumladan, bemorga choʻtkaning rasmi
koʻrsatilganida bemor yozma javobda “choʻtka” deb yozgan boʻlsa-da,
ogʻzaki javobda “taroq” degan. Shuningdek, piyoz rasmi koʻrsatilganda
yozma “piyoz”, ogʻzaki “banan”, boyoʻgʻli rasmi koʻrsatilganda yozma
“boyoʻgʻli” ogʻzaki “toshbaqa” javoblarini bergan. Bu kabi tajribalar
natijalari umumlashtirilib soʻzning inson ongida aks etish modeli
yaratilgan. A.Ellis va A.Yang muallifligidagi ushbu modelь markazida
semantik tizim turadi. Unda ikkita qabul qiluvchi tizim: koʻrish tahlil
tizimi va eshitish tahlil tizimi; ikkita chiquvchi tizim: fonema va grafema
darajasi mavjud.
Eshitish tahlil tizimi orqali nutq tovushlari qabul qilinib olar ekan,
u audio-kirish leksikonidagi mavjud soʻzlar bilan solishtiriladi va soʻz
nutqiy oqimdan ajratib, soʻz sifatida anglanadi, mazkur shaklga
bogʻlangan maʼno faollashadi. Mohiyatan olganda biz nutqni turli
chastotalarga ega tovush toʻlqinlari sifatida qabul qilamiz. Mazkur
toʻlqinlar insonning quloq pardasini turli chastotalarda tebratadi. Bu
tebranishlar insonning eshitish tizimi orqali bosh miyaga uzatiladi. Biz
eshitib tanigan soʻz – bu bir xilda takrorlangan toʻlqin chastotalari demak.
Uning maʼnosi esa oʻsha toʻlqin chastotalari guruhi qabul qilinganda inson turgan vaziyat bilan bogʻliq holda shakllangan boʻladi. Shu zaylda
insonda audio-kirish leksikoni shakllanadi.
Matnni oʻqiganimizda esa biz tekislikda aks etgan turli chiziqlar
majmuini qabul qilamiz, ular grafema deb ataladi. Mazkur grafemalarga
maʼlum til tizimidagi fonemalar shartli ravishda bogʻlangan boʻladi.
Insonda oʻqish tajribasi ortib borar ekan, u soʻzlarni harflab emas, butun
qabul qilish darajasiga chiqadi. Bunda soʻzning boshidagi va oxiridagi
harf muhim boʻladi. Grafemalarning maʼlum kombinatsiyalari koʻp
takrorlanishi ortidan insonda vizual kirish leksikoni shakllanadi.
Shifokorlarning yozuvi xunuk degan stereotip mavjud. Ular yozgan
retseptni nima uchun bemor yoki oddiy sotuvchi oʻqiy olmaydi, lekin
dorixonadagi farmatsevt oʻqishda qiynalmaydi? Shifokor retseptda
dorilarning nomini yozadi. Dorilarning nomi soʻz sifatida bizning
lugʻatimizda faol qoʻllanuvchi soʻzlar sirasiga kirmaydi. Odatda, biz u
dorining nomiga birinchi marta duch kelamiz, yaʼni bizning vizual kirish
leksikonimizda dorining nomi birlik sifatida mavjud emas.
Farmatsevtning vizual leksikonida esa u soʻz bor, shuning uchun
shifokorning yozuvi qanchalik tushunarsiz boʻlmasin, farmatsevt oʻzi
tanigan ayrim harflar kombinatsiyasidan gap aynan qaysi dori haqida
ketayotganligini anglay oladi.
Inson soʻzlar ekan uning nutq apparati ishlaydi. Uni ishlatishni
inson chaqaloqligida turli tovushlarni chiqarib sinab koʻrish orqali
oʻrganadi. Bola talaffuzda avval tovush, keyin boʻgʻin, keyin soʻzga
oʻtishi ham nutq apparatini boshqarishni sekin-sekin, oddiydan
murakkabga tomon oʻzlashtirishini dalillaydi. Oʻzbek bolalarining
aksariyati non emas nanna deyishi bola hali nutq apparatini toʻliq
boshqara olmayotganini bildiradi. Xususan, o – lablangan unli, uni
talaffuz qilish lablanmagan unli boʻlgan a unlisiga nisbatan koʻproq
harakat talab qiladi. Soʻzni undosh bilan tugatish oʻpkadan ogʻiz
boʻshligʻi orqali chiqayotgan havo oqimini toʻxtatish demak. Unli bilan
tugatish esa qoʻshimcha harakat talab qilmaydi. Shuning uchun bola
soʻzlarni avval nutq apparatini boshqarishni oʻrgangan darajasida talaffuz
qiladi va bu odatda kattalarning talaffuzi bilan bir xil boʻlmaydi. Bola
oʻzi talaffuz qilgan soʻzni eshitadi va kattalarniki bilan solishtira olgani
uchun oʻz xatosini anglaydi, oʻz talaffuzi ustida ishlashi ortidan
soʻzlarning toʻgʻri talaffuzini oʻzlashtiradi. Soʻzni talaffuz etish
murakkab jarayon. Masalan, shu non soʻzini olaylik: oʻpkadan
chiqayotgan havo oqimi ovoz paychalari, ogʻiz boʻshligʻi va burun
boʻshligʻiga taqsimlanib, tilning old qismini tanglayga tekkizib ogʻiz
boʻshligʻidagi havo oqimini toʻsib, n undoshini talaffuz qilish, keyin tilni
pastga tushirib, tilning orqa qismidagi muskullarni, lablarni
harakatlantiruvchi muskullarni qisqartirish bilan o unlisini talaffuz qilish,
keyin tilni yana avvalgi joyiga qaytarib n undoshini talaffuz qilish demakdir. Har bir muskul qisqarishi uchun bosh miyadan alohida
signallar joʻnatiladi. Maʼlum soʻz qayta-qayta talaffuz qilinar ekan, uning
talaffuzi uchun ishlaydagan muskullarga joʻnatiladigan signallarni
boshqaruvchi neyronlar oʻrtasida aloqa mustahkamlanib boradi. Shu
asosda insonda ogʻzaki chiqish leksikoni shakllanadi. Grafemik chiqish
leksikonining shakllanishida ham shu kabi tamoyilga amal qilinadi, faqat
unda qoʻlning harakatini nazorat qiluvchi neyronlar guruhi ishlaydi.
Bitta soʻz misolida ogʻzaki va yozma shakl qabul qilishda hamda
yaratishda qanday farqlanishini koʻrib chiqdik. Endi bevosita tilni
qoʻllashdagi toʻrt malakaning har biriga alohida toʻxtalamiz.
Eshitib tushunish
Eshitish insonning lisoniy qobiliyati
shakllanishidagi asosdir. Inson bolasi homilalik davrida eshitishni
boshlaydi . Psixolingvistik tadqiqotlarda yangi tugʻilgan bola oʻz ona
tilisini boshqa tillardan farqlashi isbotlangan. Inson tilni eshitib qabul
qiladi, shu asosda inson ongida til tizimi shakllanadi. Maktab yoshiga
yetgan bola oʻz muloqot tajribasi doirasida eshitib tushunish
koʻnikmasiga ega boʻladi. Ona tilini oʻzlashtirish borasida qilingan
tadqiqotlardan maʼlumki, bola oilada ota-onasi va boshqa kattalar
tomonidan qoʻllangan soʻzlar va gaplarni oʻzlashtiradi. Demak, maktabga
kelgan bolalarning lisoniy tajribasi bir-biridan farq qiladi. Maktabga
kelgan bola oʻzi koʻnikkan lisoniy muhitdan butkul farq qiluvchi muhitga
tushadi va shunga mos ravishda unga yuklangan kommunikativ vazifa
ham oʻzgaradi. U endi nutqni qisqa bitta yo ikkita gap hajmida emas, dars
mavzusi doirasida qurilgan kattaroq hajmdagi ogʻzaki nutqni eshitib
tushunishi, unda aytilgan masalalarni bilim sifatida oʻzlashtirishi lozim
boʻladi. Bolada birinchi qiyinchilik tugʻdiradigan narsa bu bola
dekodlashi, yaʼni tushunishi kerak boʻlgan lisoniy birlik tuzilish jihatdan
murakkabroq va hajman kattaroq boʻladi. Bolaning ongi bu oʻzgarishga
moslashishi uchun eshitib tushuniladigan materiallar soddadan
murakkabga qarab berib borilishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, bolada
eshitib tushunish mashq qildirilishi kerak. Bolaga eshittirilayotgan
matnning diqqat talab qildigan qismlariga urgʻu bergan holda bolaga
topshiriq berish bolada eshitish davomida diqqatni ushlash koʻnikmasini
shakllantiradi.
Tushunish jarayoni oʻrganilganda shu narsa maʼlum boʻlganki,
eshituvchining emotsionalligi va stereotiplari sabab eshituvchi berilgan
matnni toʻliq eshitmasligi mumkin . Bu ham eshitib tushunishga xalal
beradigan holat boʻlgani uchun oʻrta maktabdagi mashgʻulotlar davomida
alohida eʼtibor talab qiladi. Bola tushunishda yoʻl qoʻygan xatolari
muntazam ravishda koʻrsatilsa va xatoning asosi tushuntirib borilsa, bola
tushunish jarayonini ongli ravishda boshqarishga oʻrganadi.
Masalan, sevgi haqidagi bir qoʻshiqning klipida xonanda va
cholgʻuchilarning orqasidagi fonda dunyo xaritasi turibdi. “Qoʻshiq global masala haqida emas, sevgi haqida boʻlsa, klipda dunyo xaritasiga
nima bor?” degan savol kishini oʻylantiradi. Savolning javobi qoʻshiq
soʻzlaridan kelib chiqadi: “yuragimni chizib berdim, qaramading,
xaritasin tuzib berdim, qaramading...” Ayni vaziyatda xarita soʻzi bilan
dunyo xaritasi sifatida qabul qilingan.
Matnning bir parchasi (ayni vaziyatda matndagi bir soʻz) taʼsirida
yuzaga kelgan assotsiatsiya tushunishning boshlangʻich darajasida ongda
hosil boʻladi va matn mazmuni toʻligʻicha qabul qilinganda u chetga
chiqishi kerak. Masalan, kishi “yuragim...xaritasin tuzib berdim”
jumlasini eshitish jarayonida xarita soʻzini alohida qabul qilganda dunyo
xaritasi tushunchasi unga assotsiatsiya boʻlishi mumkin. Ammo xarita
soʻzini qoʻshiq matni ichida u bogʻlangan yurak soʻzi bilan birga qabul
qilar ekan, uning koʻchma maʼnoda qoʻllanganini xulosa qiladi va dunyo
xaritasi tushunchasi tushunish jarayonida boshqa ishtirok etmasligi kerak.
Keltirilgan misolda dunyo xaritasi tushunchasi klipga orqa fongacha yetib
borganligidan bilish mumkinki, xaritasi soʻzining matn ichidagi maʼnosi
retsipiyent tomonidan qabul qilinmagan, balki alohida soʻz sifatida qolib
ketgan. Mazkur holatlar bizga tushunish jarayonidagi tafsilotlar haqida
maʼlumot beradi. Ona tili oʻqituvchisining matnni tushunish jarayonidan
toʻliq xabardor boʻlishi, undagi har bir darajada qanday lisoniy birliklar
ishlashini bilishi bolaning tushunishiga toʻgʻri baho berish va uning
tushunish qobiliyatini oʻstirishga xizmat qiladi.
Oʻqib tushunish
Maktabda birinchi sinfda harflar va yozma matnni
oʻqish oʻrgatiladi. Keyinchalik oʻqish darslarida matnni oʻqib tushunish
koʻnikmasiga eʼtibor qaratiladi. 5-sinfdan keyin matnni tushunish faqat
adabiyot darslari bilan cheklanadi. Ona tili darslarida ham baʼzan
matndan parchalar beriladi, ammo ular bevosita oʻqib tushunish
koʻnikmasini rivojlantirishga qaratilmagan. Adabiyot fani badiiy matn
bilan ishlaydi. Badiiyat obrazlar bilan ish koʻrar ekan, unda matnda
qoʻllangan vositalarni toʻgʻri dekodlash masalasiga alohida eʼtibor
qaratilmaydi. Ona tili fani doirasida esa grammatik qonun-qoidalar
matndan uzib olingan alohida gaplar misolida tushuntiriladi, matnni til
birligi sifatida oʻrganish, tahlil qilishga koʻp eʼtibor qaratilmaydi.
Matnni oʻqib tushunish murakkab psixolingvistik jarayon boʻlib,
grafemalarni tanish, soʻzni oʻqish, soʻzning lugʻaviy maʼnosini,
kontekstual maʼnosini anglash, sintaktik strukturani toʻgʻri hal etish
(yaʼni soʻzlarning oʻzaro munosabati, qaysi soʻz gapdagi asosiy
tushunchani, qaysilari unga tobe tushunchalarni ifodalayotganini
anglash), shuningdek, matn mazmuniy bloklarining oʻzaro bogʻlanishini
tushunish kabi darajalardan iborat boʻladi . Mazkur darajalar matnni
tushunish, uning mazmuniy proyektsiyasini ongda hosil qilgunga qadar
kechadigan jarayonlar boʻlib, matnni oʻqib chiqqan har bir oʻquvchi
mazkur darajalardan oʻtib matnni toʻliq tushunadi deb boʻlmaydi. Har bir oʻquvchining qabul qilish qobiliyati har xil boʻlgani uchun matnni bir
xilda oʻqib chiqqanlar tushunishning har xil darajasida turgan boʻladi.
Oʻqituvchi ushbu darajalarni yaxshi bilsa, savollar yordamida
oʻquvchining qaysi darajada turganini aniqlashi, matnni yaxshiroq
tushunishi uchun yoʻnalish berishi mumkin boʻladi. Ona tili
darsliklaridagi matn bilan ishlash mashqlari ham mazkur nazariy
maʼlumotga asoslanishi lozim. Masalan, matnni tushunishning dastlabki
darajasi assotsiativ daraja boʻlsa, unda oʻquvchida matn mavzusi, matn
uslubi va matndagi soʻzlarga assotsiatsiyalar yuzaga keladi. Keyingi
daraja bu leksik-morfologik daraja boʻlib, bunda oʻquvchi matndagi
soʻzlarni va ularning maʼnosini tushunadi. Uchinchi daraja kontekstual
daraja boʻlib, unda soʻzlarning kontekstual maʼnolari anglashiladi.
Fikrimizcha, matn bilan bogʻliq mashqlarda aynan shu uchinchi darajaga
koʻproq urgʻu berilishi kerak, chunki unda soʻzlarning matn ichida
qanday maʼnoda kelayotgani anglashiladi, demakki, soʻzlar alohida birlik
darajasidan matn mazmunining tarkibiy qismi darajasiga koʻtariladi.
Oʻquvchiga matnda maʼlum tushunchani ifodalayotgan soʻzlarni va soʻz
birikmalarini topish, matndagi jumlani oʻz soʻzlari bilan ifoda etish kabi
topshiriqlar soʻzning kontekstual maʼnosiga yaxshiroq eʼtibor berishga
undaydi. Shu kabi mashqlar asosida bolada matnni diqqat bilan oʻqish
koʻnikmasi shakllanib boradi.
Ogʻzaki nutq
Inson hayotining dastlabki vaqtidanoq muloqot
ehtiyoji sabab tilni oʻzlashtiradi, gapirishga harakat qiladi. Yillar
davomida tajriba asosida ogʻzaki nutq oʻzlashtiriladi.
Jonli suhbatdan tashqari biror nutq soʻzlash talab qilingan
vaziyatda jamiyatimizda odatda, bir xil gaplar aytilganiga guvoh
boʻlamiz. Toʻyda tabrik aytilganda “Baxt tilayman, doim baxtli boʻling”
kabi jumlalar, biror kino yoki hodisaga munosabat soʻralganda aksariyat
soʻzlovchilar “menga yoqdi, shunday kinolar koʻpaysin” deb javob
beradi. Bunday nutqlarda tahlil, xulosa emas, faqat munosabat aks etadi.
Mazkur munosabat ham yo salbiy, yo ijobiy boʻladi. Vaholangki,
hodisani har kim oʻz ongi, hayotiy tajribasidan kelib chiqib qabul qiladi
va har kimning oʻz talqini boʻladi. Oʻrta taʼlimda bolaning ogʻzaki nutqi
biror fandan oʻtilgan maʼlum mavzuni gapirib berishda koʻriladi. Bunda
bolaning mavzuni bilish-bilmasligi baholanadi, ogʻzaki nutq mahorati
alohida eʼtiborga olinmaydi. Ona tili darslarida ogʻzaki nutq uchun
alohida mashgʻulotlar ishlab chiqilishi zarur. Bunda birinchi navbatda
bolaning oʻz fikrini lisoniy vositalar yordamida toʻgʻri ifodalash, mavjud
lugʻat boyligidan oqilona foydalanish, bir mavzudan chetga chiqmay
gapirish, nutqni toʻgʻri strukturalashtirish, yaʼni mavzuga kirish, asosiy
fikrni aytish va xulosalash; aytadigan gapi eshituvchiga qanday taʼsir
qilishini oldindan baholay olish, tinglovchining diqqatini ushlab turish
kabi koʻnikmalar shakllantirilib, takomillashtirilib borilishi zarur. Bu kabi mashgʻulotlarda faqat monologik nutq bilan cheklanmasdan, suhbat,
bahslar tashkil etish, bahsda oʻz fikrini bayon qilish va boshqalarning
fikrini tinglash, ularga munosabat bildirish kabi koʻnikmalar
shakllantirilishi kerak. Inson ongining ishlashi tajribaga asoslanadi.
Shuning uchun bolada qaysi koʻnikma hosil boʻlishi maqsad qilinsa,
darslarda oʻsha boʻyicha mashqlar muntazam tashkil qilinish kerak.
Yozma nutq
Oʻrta taʼlimda qoʻllanadigan yozma nutq shakllari
asosan, bayon, diktant va inshodan iborat. Bayon va inshoda boladan
ijodiylik talab qilinar ekan, u faqat badiiylik nuqtai nazaridan baholanadi.
Mavzular ham asosan badiiy uslubga mos holda tanlanadi. Maʼlumki,
badiiy matn uchun badiiy tafakkur zarur, badiiy tafakkurning asosida
insonning individual hayotiy tajribasi yotadi, yaʼni maʼlum ruhiy holat
hayotda kuzatilgan maʼlum predmet yo hodisa bilan assotsiatsiyalanadi.
Tabiiyki, professional yozuvchi va maktab oʻquvchisining oʻrtasida yosh
jihatdan, hayotiy tajriba jihatidan katta farq bor. Yozuvchi qoʻllagan
jumla va obrazlar har doim ham maktab oʻquvchisi uchun tushunarli
boʻlmasligi mumkin. Til taʼlimidagi bu nomutanosiblik oʻquvchi til
malakasining rivojlanishiga salbiy taʼsir etadi. Natijada, bola oʻz mustaqil
fikrini oʻz soʻzlarini bayon qilmay, odatda eshitgan tayyor jumlalardan
foydalanishga harakat qiladi. Shu bilan bogʻliq holda bola yozishga
boʻlgan ragʻbatini yoʻqotib qoʻyishi yoki umuman paydo qilmasligi
mumkin. Yozma nutqni rivojlantirish uchun tanlangan mashgʻulot
mavzulari dars berilayotgan vaqt uchun dolzarb va oʻquvchi uchun qiziq
boʻlishi kerak. Shunday mavzu tanlanishi kerakki, bola oʻsha haqida fikr
bildirish istagi kuchli boʻlsin. U xoh kecha boʻlib oʻtgan futbol matchi
boʻlsin yoki mashhur serial boʻlsin. Mazkur masalalarga boʻlgan
qiziqishdan bolaning kognitiv rivojlanishini taʼminlash uchun samarali
foydalanish mumkin.
Shuningdek, turli mavzu va uslubdagi matnlar yuzasidan yozma
topshiriqlar bajarish oʻquvchining yozma nutq haqidagi bilimi
tasavvurlarini kengaytiradi. Bunday topshiriqlar matndan maʼlum
kommunikativ vazifada qoʻllangan soʻz va soʻz birikmalarini topish,
ularning nima uchun qoʻllanganligiga izoh berish, matn ichidan matnning
bir butunligini taʼminlab turishga xizmat qiladigan vositalarni aniqlash,
matn va uning boshqa muallif tomonidan yozilgan bayonini qiyoslash
kabi mashqlar yozma nutqning charxlanishiga xizmat qiladi.
Yuqoridagilarni xulosalab shuni aytish mumkinki, har qanday dars
psixolingvistik jarayondir, chunki bola unda til vositasida berilgan
maʼlumotni dekodlaydi yoki oʻz bilimini ifodalash uchun kodlaydi.
Insonning har qanday kognitiv koʻnikmasi tajriba asosida shakllanadi.
Mazkur xulosa sunʼiy ong yaratishga urinishning dastlabki paytida
vujudga kelgan. Olimlar hatto shaxmat oʻynashday oʻta mantiqiy
jarayonda ham tajriba hal qiluvchi ahamiyatga egaligini qayd etganlar. Boshqacha aytganda, qoidani yodlash har doim ham uni amalda samarali
qoʻllashni taʼminlaydi degani emas. Insonning til malakalarini qanday
namoyon qilishi vaziyat, tinglovchi, ruhiy holat, kayfiyat, taassub kabi
omillar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq ekan, nutq jarayonida bu omillarni
va ularning taʼsirini farqlay olish nutqning nazorat qilinishini qoidalarga
nisbatan yaxshiroq taʼminlaydi. Shuning uchun ham oʻrta taʼlimda ona tili
darslari eshitib va oʻqib tushunish, ogʻzaki va yozma nutq koʻnikmalarini
shakllantirish hamda rivojlantirishga qaratilishi kerak.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati
1. Azimova I.A. Oʻzbek tilidagi gazeta matnlari mazmuniy
pertseptsiyasining psixolingvistik tadqiqi. Filologiya fanlari nomzodi
ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya. Toshkent, 2008.
2. Clark, Eve V. First Language Acquisition. New York:
Cambridge University Press, 2003. Pp. xvi,515. ISBN 0-521-62997-7.
3. Ellis, A.W., & Young, A.W. (1988). Human cognitive
neuropsychology. Hove, UK: Lawrence Erlbaum Associates Ltd.
4. Rapp, B. C., & Caramazza, A. (1997). The modality specific
organizations of lexical categories. Brain and Language, 56, 246-286.
Kalit soʻzlar: ogʻzaki nutq, yozma nutq, oʻqib tushunish, eshitib tushunish, psixolingvistika, Iroda Azimova
Kalit soʻzlar: ogʻzaki nutq, yozma nutq, oʻqib tushunish, eshitib tushunish, psixolingvistika, Iroda Azimova
Comments
Post a Comment